30-aprel kuni “2024-yilda ipoteka kreditlarini ajratish mexanizmlarini takomillashtirish va aholining uy-joy sharoitlarini yaxshilashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident farmoni [PF-70-son] qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar qildi.

Farmonga ko‘ra, bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta’minlash dasturi (Dastur) doirasida, quyidagilar amalga oshiriladi:

  • hududlarda 100 mingta kvartiradan iborat bo‘lgan ko‘p qavatli uy-joylar quriladi;
  • qurilish tashkilotlariga bozor tamoyillari asosida ajratilgan kreditlar bo‘yicha kompensatsiya va kafilliklar taqdim etiladi;
  • ko‘p qavatli uy-joylar qurish jarayonlariga “yashil” uy-joy standartlari joriy qilinadi;
  • ipoteka kreditlarini moliyalashtirishga kamida 17 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi;
  • kambag‘allikdan chiqarish dasturiga kiritilgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan shaxslarga yakka tartibdagi uy-joy qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash uchun 120 million so‘mgacha ipoteka kreditlari ajratiladi;
  • banklarning o‘z mablag‘lari hisobidan ajratilgan ipoteka kreditlarini Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan qayta moliyalashtirish mexanizmlaridan keng foydalaniladi.

Shuningdek, 2024-yil 1-iyundan “mahalla yettiligi” tavsiyasi asosida Kambag‘allikdan chiqarish dasturiga kiritilgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan shaxslarga ipoteka kreditlarini ajratish amaliyoti joriy etiladi.

Bunda:

  • ipoteka kreditlari 120 million so‘mgacha miqdorda, 20 yilgacha muddatga, Markaziy bankning asosiy stavkasidan to‘rt foiz bandga yuqori stavkada yakka tartibdagi uy-joyni qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash maqsadlari uchun ajratiladi;
  • ipoteka krediti bo‘yicha dastlabki badalning bir qismini qoplash uchun — ajratiladigan kreditning 15 foizi miqdorida hamda foiz to‘lovlarining bir qismini qoplash uchun — kredit muddatining birinchi 5 yili davomida 12 foizdan oshgan qismiga subsidiya to‘lanadi.

Farmonga muvofiq, dastur doirasida subsidiyalar to‘lashning amaldagi tartibiga quyidagilarni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritiladi:

  • subsidiyalar ajratish yuzasidan arizalar tasdiqlangan parametrlar doirasida 2024-yilning 15-mayidan 1-noyabriga qadar qabul qilinadi;
  • 2024-yilgi Dastur doirasida ajratiladigan kreditlar bo‘yicha foiz to‘lovlarining bir qismini qoplash uchun subsidiyalar — 12 foizdan oshgan qismiga, 2025-yil va undan keyingi yillar Dasturlari doirasidagi kreditlar bo‘yicha esa — Markaziy bankning asosiy stavkasidan oshgan qismiga to‘lanadi;
  • birlamchi uy-joy bozoridagi kvartiralarni sotib olish uchun ajratilgan ipoteka kreditlari bo‘yicha dastlabki badalning bir qismini qoplash uchun subsidiyalar — 2024-yilgi Dasturdan boshlab qat’iy belgilangan 30 million so‘m miqdorida to‘lanadi.

Avvalroq, prezident uy-joy qurish uchun qo‘shimcha yerlar auksionga qo‘yilishi haqida topshiriq bergandi.